пятница, 4 ноября 2016 г.

Gulnora o'margan pul....


VOA  voanews.com
O'zbek faollari: Gulnora o'margan pul hukumatga aslo topshirilmasin.
Malik Mansur
"Amerika Ovozi"
    O'zbekiston hukumati prezident qizi Gulnora Karimovaga tegishli deb gumon qilingan va G'arb davlatlarida muzlatilgan 1 milliard dollarga yaqin mablag'ni qo'lga kiritish harakatida. Toshkentdan AQShga qilingan rasmiy murojaatda bu pul korruptsion yo'l bilan xalqdan o'marilgan va respublikaga topshirilishi kerak, deyiladi. Shveytsariyada nashr etiladigan “L’Hebdo” jurnali yaqinda bu haqida katta maqola chop etib, O’zbekiston boshlagan say-harakatlarni fosh etdi.
    Gap Yevropada va Rossiyada asoslangan mobil kompaniyalari O’zbekistonda biznes qilish uchun pora sifatida bergan yuzlab million dollar haqida ketmoqda. Rus milliarderlari egalik qiladigan “VimpelCom” "O'zbekistondagi pora ishi" uchun 600 million dollar murosa puli to'lashga tayyor. Skandinav kompaniyasi bo’lmish “TeliaSonera” ham yuzlab million tovon to’lashga shay ekani ma’lum.
Shu paytgacha biror shaxs javobgarlikka tortilmagan va biror bir yuridik hujjatda Gulnora Karimova rasman ayblanuvchi sifatida keltirilmagan. O’zbekiston masala tergov qilinayotgan Shveytsariya, Fransiya, Norvegiya, Gollandiya, Shvetsiya va boshqa mamlakatlar bilan qanchalik hamkorlik qilayotgani qorong’i. Ishni o’rgangan ekspertlar “hech qanday aloqa yo’q” deb keladi.
Pora berganlikda ayblangan kompaniyalarning qimmatbaho qog’ozlari Nyu-Yorkdagi global birjalarda pullanadi. AQSh qonunlari bu davlat tizimini korrupsiyaga qo’l urgan bizneslardan tozalashni talab qiladi. Yuqorida tilga olingan kompaniyalar shu bois ham Amerika tomonidan tergov qilinmoqda va Yevropadagi bir necha bank hisoblari aynan AQSh iltimosi bilan muzlatilgan va musodara qilingan.
  "Gulnora ishi": O'zbekiston G'arbda musodara qilingan mulk va mablag'ga da'vogar - O'zbeklar nima deydi? 

AQSh sudining O’zbekiston Adliya vazirligi arizasi yuzasidan dastlabki xulosasi 28-yanvar kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Adliya vaziri Muzraf Ikromov imzosi bilan yuborilgan xatga ko’ra, muzlatilgan mablag’ uyushgan jinoiy guruh tomonidan undirilgan va uning a’zolari vatanda jazoga tortilgan, shu bois pul endi mamlakatga uzatilishi zarur.
Uyushgan jinoiy guruh deganda ayni paytda uy qamog’iga hukm qilingani aytiladigan Gulnora Karimova va uning yaqin maslakdoshlari tasavvur qilinadi. Karimovaning “norasmiy eri” Rustam Madumarov va yaqin dugonasi Gayane Avakyan 6-8 yilga ozodlikdan mahrum etilgani ma’lum. Yana bir necha shaxs sudlangan va qamalgan. O’nlab odamlar so’roq qilingan, tekshirilgan. Ish tingan emas.
G’arb nazarida O’zbekiston korrupsiya chuqur ildiz otgan tuzum va bu mamlakatda yulg’ichlik turmush tarziga aylangan. AQSh hukumati va bu davlatda, shuningdek, Yevropada asoslangan xalqaro tashkilotlar bu haqda yillardan beri bong urib keladi.
O’zbekiston hukumatining tanqidchilari, amaldagi siyosatga qarshi faollar o’marilgan pul xalq manfaatlari uchun saqlanib, aniq maqsadlar yo’lida nohukumat tizimlar orqali ishlatilishini istaydi.
Gulnora Karimovaga oid mahkama ishida qatnashgan faollardan biri, Shveytsariyada siyosiy muhojir yozuvchi Safar Bekjon:
“O’zbekistonda mavjud rejim turar ekan, fuqarolik jamiyati faoliyati nol. Ular faoliyatini nazoratlash kafolanmagan ekan, qandaydir xayriya ishlari orqali bu pullarni aholiga yetkazishning imkoni yo’q. Jamoat tashkilotlari buni inson huquqlariga yo’naltirmoqchi bo’lsa, O’zbekistondan tashqarida yuz minglab odamlar bor. Ularning ehtiyoji uchun deb isbotlab berish kerak. Gulnora Karimova bilan bog’liq pullar va boshqa boyliklarni O’zbekistondagi rejim qulagandan keyin sarflanishi tarafdorman. Bu pullarni xalqqa qaytarilishidagi eng yaxshi kafolat rejim o’zgargandan keyingi jarayondir”.

Mazkur mablag’ va mol-mulklar so’nggi yillar davomida Yevropaning qator davlatlari, shuningdek, AQShdagi tekshiruvlar natijasida musodara qilindi.
Tergov markazida O’zbekistonda biznes yuritish imkoniyatini korrupsion tizimga aylantirgan Gulnora Karimova boshliq guruh turgani aytiladi. Yevropada mablag’ muzlatilib, bu guruh a’zolariga nisbatan ayblob e’lon qilinishi ortidan O’zbekiston tomoni ham jinoiy ish ochdi, guruh a’zolari qamoq jazosiga hukm qilindi, Gulnora Karimovga tegishli ko’rilayotgan mol-mulk musodara qilindi.
Faollar va ko’plab mutaxassislar nazarida Toshkent strategik qadam tashlab, yuzlab million dollarni qo’lga kitirish payida. Natia qanday bo’lishini vaqt ko’rsatadi, lekin jarayon uzoq davom etishi tayin.
Safar Bekjon deydiki, xorijdagi o’zbek faollaridan iborat guruh ancha avval muzlatilgan mablag’ O’zbekistonga berilmasin, fuqarolik jamiyati rivoji uchun maxsus jamg’arma tuzilsin, deya Shveytsariya adliya organlariga murojaat qilgan. Raddiya javobi olingan. Biror harakatlar davom etayotgani aytiladi.

Узбекистон деган, давлат йук. Узбекистон деган, мафя худуди бор.

Узбекистон Россия тарафидан таъсис килган шаклда сиёсий-иктисодий, ижтимоий сохалар кланларга булиб берилган. Бу сохалар бошкарувини, калан...